7-may – Aloqachilar kuni munosabati bilan Vazirlik hamda soha xodimlarini tantanali taqdirlash
marosimi tashkil etildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur tadbirda Vazirlikning hududiy boshqarmalari, viloyatdagi tizim tashkilot va korxona vakillari ham qatnashdi.
“Uzoq yillik tarixga ega sohamizning Yangi O‘zbekiston davrida yangi nafasi ochildi. Ko‘z tegmasin, sohamiz birinchi chorak yakunlari bo‘yicha boshqa sohalarga qaraganda yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi, IT exporti bo‘yicha ham bir chorakda 2021-yil davomidagidan ko‘ra ko‘proq natijaga erishish imkoni bo‘ldi. Bu esa barcha sohamiz jamoasining mehnatlari natijasidir. Kelgusida ham amaldagi tizimli ishlarimizni davom ettirish, belgilab berilgan vazifalarni ham o‘z vaqtida bajarish uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim. Barcha rahbar va xodimlarni ushbu quvonchli sana bilan yana bor samimiy qutlayman”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov soha xodimlarini tabriklash davomida.
Ushbu taqdirlash marosimida sohaning ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan, uning rivojlanishiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelayotgan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlar, shuningdek, sohadagi xorijiy va xususiy korxonalari rahbar-xodimlari va mutaxassislari Vazirlikning buyrug‘i asosida “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” belgisi hamda “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandilar.
10-may Aloqa va radio xodimlari kuni munosabati bilan Ucell kompaniyasida ham butun telekommunikatsiya sohasi rivojiga katta hissa qo‘shayotgan xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hududiy va Toshkent shahridagi boshqarmalarda jami 30 kishi taqdirlandi.
“Kompaniya va butun O‘zbekiston Respublikasi aloqa sohasi rivojiga yanada katta hissa qo‘shayotgan kompaniya xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sizga sihat-salomatlik tilayman va bizning ishimiz barchaga quvonch olib kelishini tilayman, - Andrey Shishkovskiy, bosh direktor.