O‘zbekistonda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Milliy tanlov” g‘oliblari taqdirlandi. Tadbir tashkilotchisi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi bo‘lib, u Ucell kompaniyasi va qator hamkor tashkilotlar ko‘magida o‘tkazildi. Tanlov davlat rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan loyiha doirasida amalga oshirildi.

“Milliy tanlov”da 500 ga yaqin maktab, 45 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 10 mingga yaqin tinglovchi va ularning ustozlari ishtirok etdi. "Eng faol maktab” yoʻnalishida Xorazm viloyati Bog‘ot tumani ixtisoslashtirilgan maktabi va Navoiy viloyatidagi 13-sonli ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan sinflari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablariga "Prezident sovg`asi" 2 ta elektromobil topshirildi.

2023-yil noyabr oyidan buyon loyiha doirasida qariyb 1 million nafar tinglovchi ta’lim oldi. Aileaders.uz platformasida Coursera, Oracle, Huawei kabi yetakchi xalqaro platformalarning 100 ga yaqin bepul kurslari taqdim etilgan. Shuningdek, 3000 ga yaqin kurslar o‘zbek tiliga tarjima qilingan. “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi mamlakatda AI sohasini rivojlantirish, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish va global darajada raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.