O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ucell savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi “COSCOM” MChJ o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat tomonlarning mamlakatda raqamli ta’limni hamkorlikda rivojlantirish va IT-kadrlar tayyorlashni kuchaytirish niyatini mustahkamlaydi.
Besh yilga mo‘ljallangan hamkorlik raqamli texnologiyalar sohasida ta’lim muhitini tizimli rivojlantirishga qaratilgan. Asosiy e’tibor zamonaviy ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or yechimlarni tatbiq etish hamda yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga qaratiladi. O‘qituvchilar malakasini oshirish va ta’lim jarayoniga zamonaviy IT-kompetensiyalarni integratsiya qilishga alohida ahamiyat beriladi.
Shuningdek, tomonlar ta’limga oid tashabbuslarni faol rivojlantirish hamda ta’lim va texnologiya sohasi o‘rtasida barqaror o‘zaro hamkorlik ekotizimini shakllantirgan holda milliy va xalqaro loyihalardagi ishtirokni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Amaliy qadamlar qatoridan xakatonlar, olimpiadalar va sohaviy forumlar o‘tkazish o‘rin olgan.
Andrey Shishkovskiy, Ucell Bosh direktori:
“Raqamli ta’limni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning IT-ko‘nikmalarini rivojlantirish – Ucell ijtimoiy strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. 2024–2025-yillarda kompaniya yosh mutaxassislarning salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni amalga oshirdi: O‘zbekiston terma jamoasining Niderlandiya va Germaniyada bo‘lib o‘tgan informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasidagi ishtirokini ikki bor qo‘llab-quvvatladi, chekka hududlardagi yoshlar uchun o‘tkazilgan milliy IT-xakatonga amaliy ko‘mak ko`rsatdi hamda Coursera for Campus ta’lim dasturining eng yaxshi ishtirokchilarini rag‘batlantirdi. Shuningdek, ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga ham o‘z hissasini qo‘shdi: Ucell ko‘magida Toshkent axborot texnologiyalari universitetidagi auditoriya raqamli yechimlar bilan jihozlandi. Ishonchimiz komilki, bu yo‘nalishdagi tizimli ishlar mamlakatning raqamli kelajagini quradigan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga xizmat qiladi”.
Rustam Karimjonov, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari:
“2026-yilda biz raqamli texnologiyalar sohasida yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishda davom etamiz. Iqtidorli talabalar va yosh tadbirkorlarning Web Summit, BETT, EWF va ICT Week kabi yetakchi xalqaro innovatsion platformalarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida IT-Villages formatidagi Digital IT Education Campus loyihasini ishga tushirish, milliy terma jamoaning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda InfoTech 2026, yozgi kiberlager, GameFest va Job&Edu Fest kabi yirik tarmoq tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan”.
"COSCOM" MCHJ raqamlashtirish sohasidagi ijtimoiy va ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ushbu o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lishni maqsad qilgan. Tomonlarning hamkorligi mamlakatda raqamli ta’limni uzoq muddatli rivojlantirish va talabgir IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun zamin yaratadi. Ucell raqamli infratuzilmani izchil rivojlantirib, ta’lim tashabbuslariga sarmoya kiritib, O‘zbekistonning kuchli kadrlar salohiyati va kelajagini shakllantirishga hissa qo‘shayotgan texnologik yetakchi sanaladi.
