“Ucell-Termiz” hududiy bo‘limi Termiz shahar hokimligi bilan hamkorlikda shaharni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha navbatdagi ekologik aksiyani o‘tkazdi. Termiz shahrining markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan “Bog‘ishamol” mahallasida “Ucell” kompaniyasi bosh direktori Andrey Shishkovskiy va Ucell’ning butun mamlakat bo‘ylab hududiy bo‘limlari rahbarlari tomonidan 200 tup pavloniya daraxti ko‘chati ekildi. Tez o‘suvchi bu daraxtlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, havoning musaffoligini ta’minlaydi, aholi uchun soya va qulaylik yaratadi.
Aksiya mamlakatimiz hududlarida yashil hududlarni rivojlantirish va ekologik mas’uliyatli turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli “Yashil makon” ekologik dasturi doirasida o‘tkazildi. Kompaniya direktorlari va “Ucell-Termiz” hududiy bo‘limi xodimlari daraxt ekishda faol ishtirok etib, jamoaning birdamligi va shahar muhitini yaxshilashga hissa qo‘shish istagini namoyish etdilar.
Aksiyani “Surxondaryo TV” va “Ishonch TV” telekanallarining suratga olish guruhlari media-qo‘llab-quvvatladi. Blogerlar Iskandar Temirov va Farrux Nazarov hamda viloyatning mahalliy telegram kanallari o‘z auditoriyasi uchun foydali va qiziqarli kontent tayyorladi.
“Ucell-Termiz” hududiy bo‘limi mobil aloqa tarmog‘ini rivojlantirish bilan bir qatorda, aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy tashabbuslarni ham amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida to‘qqizta savdo ofisi faoliyat yuritmoqda, ulardan biri joriy yilda Denov tumanida ochildi. Yaqin kunlarda Termiz shahrida yana bir ofis ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu abonentlarga aloqa xizmatlarini tezroq va qulayroq olish imkonini beradi.
Viloyatda shuningdek mijozlarga maksimal darajada yaqin bo‘lishga qaratilgan yangi shakldagi xizmat turi — mobil savdo ofisi ham faoliyat boshladi. U har kuni aholi zich yashaydigan hududlar va mahallalarga chiqib, aholiga raqam ulash, maslahat berish, SIM-kartalar va qurilmalar sotish kabi xizmatlarni ko‘rsatmoqda.
Bobir Hasanov, “Ucell-Termiz” hududiy bo‘limi direktori:
“Shahar va ekologiyasi haqida qayg‘urish biz uchun texnologiya va infratuzilmani rivojlantirish kabi muhim vazifadir. Bu yil “Ucell-Termiz” shaharni ko‘kalamzorlashtirish bilan bir qatorda viloyat telekommunikatsiya tarmog‘ini mustahkamlayapti. 80 dan ortiq yangi tayanch stansiyalari ishga tushirildi va 100 dan ortiq aloqa obyektlari modernizatsiya qilindi. Hozirda Surxondaryo aholisi eng chekka hududlarda ham barqaror aloqa va tezkor internetdan foydalanmoqda. Jamoamiz mintaqani rivojlantirish uchun ekologiyadan tortib raqamli texnologiyalargacha bo‘lgan aniq amaliy qadamlar qo‘yayotganidan faxrlanamiz. Barcha sa`y-harakatlarimiz odamlarning hayot sifatini yaxshilashga, qulay, yashil va zamonaviy muhit yaratishga qaratilgan”.
Yashil tashabbusning davomi
Termizda daraxt ekish Ucell’ning ezgu an’anasiga aylangan: besh yil avval Al-Hakim at-Termiziyning 1200 yillik tavalludi munosabati bilan ekilgan 1200 ta kashtan daraxti shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Bu yil Ucell’ning eko-aksiyalari butun mamlakat bo‘ylab: Andijon va Namangan, Toshkent va Urganch shaharlarida o‘tkazildi.
Keyingi tashabbus Shahrisabzda amalga oshiriladi, unda kompaniya xodimlari “Oqsaroy” tarixiy majmuasi hududiga ko‘chatlar o‘tqazishadi. So‘ngra navbat Navoiy va Buxoroga keladi.
