
Ucell PR jamoasi Vertigo Production bilan birgalikda Qo‘ng‘irotga - yirik Kungrad Wind Power Plants loyihasi amalga oshirilayotgan hududga yo‘l oldi.
Hozircha bu yerda cheksiz dasht, kuchli shamol va obyektlar orasida o‘nlab kilometr masofa bor. Ammo tez orada bu yerda shamol turbinalari qad rostlaydi va mamlakatdagi eng yirik energetika loyihalaridan biri shakllana boshlaydi.
Hududning naqadar keng ekanini deyarli darhol his qildik. Hudud bo‘ylab yo‘ltanlamas avtomobilda harakatlanayotgan xodimning qayerdaligini bilish uchun Ucellning Qoraqalpog‘iston va Xorazm hududiy bo‘limlari direktori Bayram og’a Jumagulov undan so‘radi:
- Siz yo‘lning nechanchi kilometridasiz?
Shu lahzada bitta narsa ayon bo‘ldi: bu yerdagi xodimlar ulkan hududning deyarli har bir qismini yaxshi bilishadi.

Hududda allaqachon sakkizta antenna-machta inshooti o‘rnatilgan va ikkita tayanch stansiya foydalanishga topshirilgan. Jamoamiz uskunalarni o‘rnatish jarayonini hamda safarning eng ramziy lahzalaridan biri — uchinchi tayanch stansiyada Ucell bayrog‘ining ko‘tarilishini tasvirga oldi.
Shuningdek, Kungrad Wind Power Plants loyihasi vakillari bilan intervyu yozib oldik. Ucell ushbu olis hududni aloqa bilan qanday ta’minlayotgani va mutaxassislar qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tgani haqida Bayram Jumagulov so‘zlab berdi.
Bir payt Bayram og’a so‘rab qoldi:
— Nega suratga olmayapsan? Estalikka saqlab qo‘y. Keyin odamlarga bu obyekt avval qanday bo‘lgani va qanday bo‘lishini ko‘rsatasan. Bu yerdagi hamma narsa o‘zgargach, atrofda ilgari faqat dasht bo‘lganiga hech kim ishonmaydi.

Men esa hammasini o‘zim yodda saqlashga harakat qildim. Atrofda suratga olish jarayoni davom etar ekan, ko‘rganlarimning ko‘lamini keyin qanday so‘zlar bilan ifodalash haqida o‘ylardim. Qoraqalpog‘iston har safar ortida butun bir hissiyotlar to‘plami va yangi adrenalinni qoldiradi - bu safar ham bundan mustasno bo‘lmadi.
Tayanch stansiyalar orasida kamida 20 kilometr yo‘l bor. Mashina yo‘lida davom etar ekan, men ko‘zlarimni yumib, kun davomida ko‘rgan kadrlarimni xayolimda yana bir bor jonlantirardim: dasht o‘rtasida hilpirayotgan Ucell bayrog‘i, cheksiz hudud uzra uchayotgan dron, shamol shovqini va jazirama quyosh ostida mehnat qilayotgan odamlar.

Qoraqalpog‘istondagi yana bir sermazmun kun xotiralarimiz xazinasidan joy oldi. U bilan birga o‘nlab kadrlar, intervyular va yaqindagina atrofda faqat dasht va shamol bo‘lgan joylarda aloqa qanday paydo bo‘layotgani haqidagi hikoya ham biz bilan qaytdi.
Tez orada bu hikoyani filmda ko‘rish mumkin bo‘ladi.