
11-noyabr — O‘zbekistonda Kasaba uyushmalari kuni. Ushbu sana mehnat huquqlarini himoya qilish, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda kasaba uyushmalarining muhim o‘rnini yana bir bor e’tirof etish imkonidir.
Ucell kompaniyasida kasaba uyushmasi xodimlarni birlashtirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamoada sog‘lom hamda do‘stona muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati xodimlarning manfaatlarini ifodalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Bayram munosabati bilan «COSCOM» MChJ Kasaba uyushmasi qo‘mitasi kasaba uyushmasi a’zolari va Ucell kompaniyasining barcha xodimlarini samimiy tabriklab, ularning fidokorona mehnati, tashabbuskorligi hamda kompaniya hayotidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. «Aynan sizlarning hissangiz tufayli biz yangi marralarni zabt etmoqdamiz. Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik va farovonlik tilaymiz. Mehnatingiz doimo munosib qadrlansin, bilim va tajribangiz esa oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga erishishda xizmat qilsin», — deyiladi tabrikda.
Ucell kompaniyasida o‘zaro hurmat, qo‘llab-quvvatlash va har bir xodimga e’tibor qaratish kuchli jamoaning muhim asoslari hisoblanadi. Ushbu qadriyatlar kompaniya korporativ madaniyatining ajralmas qismidir.
Barchani O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni bilan tabriklaymiz. Mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik va yangi kasbiy muvaffaqiyatlar tilaymiz.