Yaqin-yaqingacha Ucell va “Larsen & Toubro Limited” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik imzolangan memorandum doirasida mavjud edi. Bugunga kelib esa loyiha yangi bosqichga chiqmoqda: Ustyurt platosida “Kungrad Wind Power Plants” loyihasi uchun yangi telekommunikatsiya infratuzilmasining bir qismiga aylanadigan birinchi antenna-machta inshooti (AMI) o‘rnatildi.
“ACWA Power” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan, O‘zbekistondagi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi eng yirik loyihalardan birini ta’minlaydigan aloqa tarmog‘i qurilishi aynan shu yerdan boshlanadi.

Imzolangan memorandumga muvofiq, Ucell optik tolali aloqa liniyalarini o‘tkazish orqali sakkizta tayanch stansiyasini quradi, gibrid elektr ta’minoti tizimlarini joriy etadi hamda qurilish maydonchalari uchun ham, obyektning kelgusidagi ekspluatatsiyasi uchun ham mobil aloqa, ma’lumotlar uzatish va keng polosali internetga ulanish imkoniyatini ta’minlaydi.
Birinchi AMI ning o‘rnatilishi loyihani amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi. Yaqin vaqt ichida Qo‘ng‘irot tumani hududida shamol parkini qurish va undan foydalanishning barcha bosqichlarida barqaror raqamli aloqani ta’minlaydigan boshqa telekommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari ham paydo bo‘ladi.
“Kungrad Wind Power Plants” loyihasi umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan va energiya jamlash tizimiga ega shamol elektr stansiyasini barpo etishni ko‘zda tutadi hamda O‘zbekistondagi eng yirik “yashil” energetika obyektlaridan biriga aylanadi. Bunday keng ko‘lamli tashabbuslarni amalga oshirish uchun qurilishning barcha ishtirokchilarini uzluksiz aloqa, tezkor ma’lumotlar almashinuvi va muvofiqlashtirish bilan ta’minlaydigan ishonchli raqamli infratuzilma zarur.
Ucell uchun loyihadagi ishtirok – bu texnologik yetakchilik strategiyasini amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir. Kompaniya O‘zbekistonning eng chekka hududlarida ham zamonaviy va barqaror telekommunikatsiya yechimlarini joriy etish orqali mamlakatning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishda davom etmoqda.