Ucell bosh direktori Andrey Shishkovskiy va Larsen & Toubro Limited kompaniyasi bosh direktori Rajan Bansal Kungrad Wind Power Plants loyihasini amalga oshirish doirasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladilar. Hujjat O‘zbekistonda ACWA Power kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi eng yirik loyihalardan biri hududida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tomonlar hamkorligini nazarda tutadi.

Larsen & Toubro Limited bosh direktori Rajan Bansal:
“Kungrad Wind Power Plants loyihasi ACWA Power kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu kompaniya energetika infratuzilmasi sohasidagi eng yirik xalqaro investorlar va operatorlardan biridir. Loyiha energiya saqlash tizimi bilan jihozlangan, umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishini nazarda tutadi va O‘zbekistondagi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi eng yirik loyihalardan biriga aylanadi.”

Ucell bosh direktori Andrey Shishkovskiy:
“Memorandumga muvofiq, Ucell sakkizta tayanch stansiyasini qurish, optik tolali aloqa liniyalarini yotqizish, gibrid elektr ta’minoti tizimlarini joriy etish, shuningdek, qurilish maydonchalari va obyektning keyingi ishga tushurish jarayonlari uchun mobil aloqa, ma’lumotlar uzatish hamda keng polosali internet xizmatlarini taqdim etadi. Texnologik yetakchilik strategiyasi doirasida Ucell zamonaviy va barqaror telekommunikatsiya yechimlarini joriy etish orqali raqamli infratuzilmani izchil rivojlantirib bormoqda.”

ACWA Power loyihasining EPC-pudratchisi hisoblangan Larsen & Toubro Limited kompaniyasi qurilishning infratuzilma qismi amalga oshirilishi uchun mas’uldir. Kompaniya energetika, transport va sanoat infratuzilmasi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘p yillik xalqaro tajribaga ega.
Memorandumning imzolanishi tomonlarning uzoq muddatli hamkorlikka intilishini hamda mintaqadagi eng yirik “yashil” energetika loyihalaridan birini amalga oshirish uchun o‘z salohiyat va tajribalarini birlashtirishga tayyor ekanligini tasdiqlaydi.
Ucell ning rivojlangan telekommunikatsiya infratuzilmasi obyekt qurilishi va undan foydalanishning barcha bosqichlarida barqaror raqamli aloqani ta’minlab, loyihaning samarali amalga oshirilishi hamda zamonaviy texnologik yechimlarning joriy etilishiga xizmat qiladi.