
Kimdir sokin dam olish kunlarini rejalashtirayotgan bir paytda, Ucell Music Fest mamlakat bo‘ylab sayohatini davom ettirdi. Bu safar musiqiy estafetani Guliston va Jizzax qabul qildi - har ikki shahar ham festivalni chinakamiga shov-shuv bilan kutib oldi.
Gulistondagi konsertga 12 ming tomoshabin tashrif buyurdi. Ertasiga bayram Jizzaxga ko‘chib o‘tdi va u yerda yana 15 ming kishi festivalga qo‘shildi. Jami - ikki kunda qariyb 27 ming tomoshabin. Nazarimda, bu yerda “keng ko‘lamli” iborasini ishlatish judayam o‘rinli.

Sahnaga Benom guruhi, Sevinch Mo‘minova, Elyor Meliboyev, Ulug‘bek Oxunov, Fazliddin Abduvahidov, Saidahmad Umarov va DJ Say Mee chiqdi. Kechalarning ko‘tarinki kayfiyatini esa boshlovchi Samandar Hamroqulov ta’minladi. Sevimli qo‘shiqlar, sahna chiroqlari, minglab ovozlar va eng yorqin lahzalarni saqlab qolish uchun yuqoriga ko‘tarilgan telefonlar. Chiqishlar orasida mehmonlar turli sovrinli o‘yinlarda ishtirok etishdi, kompaniya haqidagi savollarga javob berishdi va Ucelldan sovrinlarni qo‘lga kiritishdi.

San’atkorlar sahnaga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda esa Ucell jamoasi jurnalistlar bilan ishladi. Ucellning yubiley yili, mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan konsertlar turkumi, shuningdek, kompaniyaning tarmoq sifati va tezligi bo‘yicha yetakchi o‘rinlari haqida marketing bo’yicha rahbar Andrey Shadrin so‘zlab berdi.
Hududiy jamoalar ham axborot yo‘nalishidagi ishlarni faol qo‘llab-quvvatladi. Jizzaxda katta sotuvchi-maslahatchi Davron Meliboyev OAV vakillariga ofis faoliyati, Ucell mahsulotlari va takliflari haqida ma’lumot berdi. Gulistonda esa katta sotuvchi-maslahatchi Nasiba Orziqulova jurnalistlar bilan suhbatlashib, ularni mijozlar uchun dolzarb mahsulotlar va yangiliklar bilan tanishtirdi.

Guliston Ucellning 30 yilligiga bag‘ishlangan yirik musiqiy turining sakkizinchi shahriga, Jizzax esa to‘qqizinchi shahriga aylandi. Ikki yorqin kechaning ortida katta jamoaviy mehnat turibdi.
Ucell Music Fest xazinasiga yana ikki shahar va 27 ming tomoshabin qo‘shildi.